Toshkent ushbu nufuzli tadbirni oʻtkazishga tayyor.
Sammitda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Qozogʻiston Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ishtirok etadi.
Bugun, 8-noyabr kuni delegatsiyalar Toshkentga kela boshlaydi. Prezidentimiz ularning rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi. Jumladan, bugunga Qirgʻiziston, Turkiya Prezidentlari, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari va IHT bosh kotibi bilan muzokaralar rejalashtirilgan.
Ertaga, 9-noyabr kuni oliy darajadagi yigʻilish boʻlib oʻtadi. Uning doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozim, Oʻzbekiston ushbu tuzilmadagi sheriklari bilan izchil hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz, xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqani kengaytirishga alohida eʼtibor qaratadi. Mintaqada transport yoʻlaklari va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish va yangi yoʻnalishlarni yaratishga muhim masala sifatida qaraydi.